ERIELL hamda Turkiyaning Abdi Ibrahim va Guray Group kompaniyalari farmasevtika sohasida hamkorlik to‘g‘risida protokol imzoladilar
O‘zbekistonning Eriell Kompaniyalari guruhi va Turkiyaning Abdi Ibrahim va Guray Group kompaniyalari Abdi İbrahim lisenziyalangan dori vositalarini ishlab chiqarish, sotish, marketing va tarqatish sohasida hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama protokolni imzoladilar.
O‘tgan hafta Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida imzolangan protokol uchta kompaniyaning Toshkentda qo‘shma korxona tashkil etish rejalarini aks ettiradi. “O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi”, shuningdek, Prezidentning “Farmasevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va investisiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoniga (PQ-14-son 10.01.2024) muvofiq, tomonlar importni minimallashtirish maqsadida dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va respublika aholisini yuqori sifatli dori-darmonlar bilan ta'minlashni maqsad qilganlar. Turkiya kompaniyalari tomonidan protokol Guray Group boshqaruvi raisi Gyurel' Aydin va Abdi Ibrahim bosh direktori Suxa Taspolatoglu tomonidan imzolandi.
O‘zbekiston tomonidan protokolni Eriell kompaniyalari asoschisi Baxtiyor Fazilov imzoladi. Hujjatni imzolash marosimida u quyidagilarni ta'kidladi:
“Davlat ijtimoiy siyosatida O‘zbekiston aholisi salomatligini ta'minlash ustuvor o‘rinni egallaydi. Shuning uchun mamlakatimizda zamonaviy farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, ular bilan ichki bozorni, fuqarolarimizni ta'minlash muhim va dolzarb vazifadir. Hamkorligimiz ushbu muhim maqsadni amalga oshirishga hissa qo‘sha olishidan mamnunman”.
Tomonlar, shuningdek, tegishli ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) talablariga javob beradigan farmasevtika zavodini qurish, dori vositalarini ishlab chiqarish va sifatini nazorat qilishni tashkil etishni rejalashtirmoqda. Umumiy investisiyalar taxminan 100 million dollarni tashkil etib, qurilishni yakunlashga besh yil kerak bo‘ladi.